Mamarajab TOʻRAYEV – 1965-yilda tugʻilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi
OʻzMU) jurnalistika fakultetini tamomlagan. Ijodkorning “Tabiat tilga kirsa” va “Suyganlarim,
kuyganlarim” nomli kitoblari nashr etilgan.
Itlar ta’rifi
Tozi it bu – ovga bop,
Laycha misli qo‘ng‘iroq.
Sirtlon tursa xirillab,
Etni tutar qaltiroq.
Bo‘ribosar tog‘larbop,
Ovcharka qidiruvga.
Iting bo‘lsa qopog‘on,
Bas kelar o‘g‘ri, yovga.
Mushuk
Mushugin boshin silab,
Erkaladi Dildora.
Deydi: – Suysam miyovlab,
Nega qilar ovora?
Buni ko‘rgan oyisi
Miyig‘ida kuladi: – Bilsang mushuk miyovlab
Do‘stingman deb turadi.