Sharq yulduzi - adabiy-badiiy, ilmiy, ijtimoiy-siyosiy jurnal.

Mushukdan qilmang gumon

Sharifa SALIMOVA – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi. 1951 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetini tamomlagan. Shoiraning “Hayot zavqi”, “Mening bahorim”, “Tongga qasam”, “Xizr bulog‘i”, “Vatan suvrati”, “Olimlik va odamiylik”, “Giyohlar bilan tillashgan inson” kabi kitoblari chop etilgan.

Ochofat sichqon

Nima duch kelsa unga. Ketavergach kemirib. Terisiga sig‘mayin Sichqon ketdi semirib.

Yurish turishlari zo‘r, Sal boshqacha tus oldi. Gap-so‘zlari o‘zgacha Koptokdek qorin soldi.

Katta-yu kichikni u Endi birdek sansirar, Sal yugursa qiynalib Paravozdek hansirar.

Bir kun yemish qidirib, Chiqqach tirikchilikka. Mushukdan qochmoq bo‘lib Tiqildi-ku tuynukka.

Ortida qora mushuk, Ko‘zi yonar, yaltirar.
Bechora sichqonchamiz
Qo‘rqib, dag‘-dag‘ qaltirar.


Qimirlatib mo‘ylovin
Mushuk qarab turadi.
Sichqonchani erkalab
Urib-urib qo‘yadi.


– Qo‘lga tushibsan axir,
Do‘mboqqinam, deb qo‘ydi.
Ochofat sichqonboyni
Endi mushuk yeb qo‘ydi.


Quyoncha va kirpijon
Ona quyon qarasa
Gul shoxchasi sinibdi.
Kenjatoyi indamay,
Yig‘lab-yig‘lab yuribdi.


– Nima bo‘ldi, oppog‘im,
Nega sindi gul shoxi?
Bebosh mushukcha sakrab
Sindirib qo‘ydi chog‘i.


– Yo‘q, oyijon, kechiring, Mushukdan qilmang gumon
Do‘stim kirpijon bilan
Urishib qoldik yomon.


Uni xafa qildim men, – Sindirgan sensan, dedim.
Aslida aybdor umas
O‘zim gunohkor edim.


Indamay qarab turib,
Ko‘zlariga yosh oldi.
So‘ng mendan xafa bo‘lib,
Arazlab ketib qoldi.


Ona quyon o‘ylanib,
Jimgina qovoq soldi.
So‘ngra kenjatoyining
Qo‘lidan ushlab oldi.


Kirpijonning uyiga
Yetib borgach, deb tuk-tuk.
Qarasa chiroq yoniq,
Qarasa ochiq eshik.


– Kirpi, kirpi, kirpijon,
Ko‘z tashlagin biz tomon.
Senga keltirdik olma.
Maza qilib ye, ol, ma.


Faqat bizni kechirgin,
Bizdan o‘tibdi xato.
Aslida bu olamda
Hamma qiladi xato.


Oqko‘ngil do‘st kirpijon
Do‘st xatosin kechirdi.
Sabzidan sharbat qilib
Kenjatoyga ichirdi.


Hanuz ochiqdir eshik
Hanuz yonadi chiroq.
Ikki do‘st ahil totuv,
Yurishar doim inoq.


Musichalar
Uyimiz bo‘g‘otiga
Musichalar in qo‘ydi.
Hovlimiz zum o‘tmayin
Shirin “ku-ku”ga to‘ldi.


Juft-juft bo‘lib, beozor
Bir inoq yashashadi.
Gohida hurpayishib
Biroz “gap” talashadi.


Ota-ona musicha
Ajralmas bir-biridan.
Goh sekin xabar olar
Tuxum qo‘ygan inidan.


Tumshug‘ida cho‘p, xashak,
Erta-yu kech tinmas jon.
Sal o‘tmayin tuxumni
Yorib chiqar polаpon.


Ota-ona girgitton,
Topganini tashiydi.
Endi katta oila
Hayot kuyin boshlaydi.


Pismiq ari
Pismiq ari, pismiq ari,
Yuraqolgin mendan nari.


Tinim bilmay g‘ing‘illaysan,
Kecha-kunduz ming‘illaysan.


Nega buncha ochofatsan.
Uzumlarga sen ofatsan.


Bizni holdan toydirasan,
Po‘chog‘ini qoldirasan.


Berkinasan kavaklarga,
Teginasan buvaklarga.


Sen asli baloyi jonsan.
Chaqirilmagan mehmonsan.


Qara, asalari qandoq,
Barcha gullar unga mushtoq.


Gul changini tinmay terar,
Bizga doim asal berar.


El-yurt uni izzat qilar,
U eliga xizmat qilar.


Asal yesa doim inson
Kasallikdan qolmas nishon.


Sen ham so‘zim kelmay malol,
Asalaridan ibrat ol.

Rukunlar

Ulashish:

Arxivlar

📥  1 son  2022 yil 

📥  2 son  2022 yil 

📥  3 son  2022 yil 

📥  4 son  2022 yil 

📥  5 son  2022 yil 

📥  6 son  2022 yil 

📥  7 son  2022 yil 

📥  8 son  2022 yil 

📥  9 son  2022 yil 

📥  10 son  2022 yil 

📥  11 son  2022 yil

📥  12 son  2022 yil

📥  1 son  2023 yil 

📥  2 son  2023 yil 

📥  3 son  2023 yil 

📥  4 son  2023 yil 

📥  5 son  2023 yil 

📥  6 son  2023 yil 

📥  7 son  2023 yil 

📥  8 son  2023 yil 

📥  9 son  2023 yil 

📥  10 son  2023 yil 

📥  11 son  2023 yil