Shodiya UMRZODA – 1981 yilda tug‘ilgan. Qarshi davlat pedagogika institutini (hozirgi
QDU) o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan. Ijodkorning “Tong tuhfasi”, “Ko‘ngil
ibodati” nomli she’r va hikoyalar to‘plami nashr etilgan.
Yordam beraman
Aka, aka, men sizga,
Rosa yordam beraman.
To‘kilgan mevalarni
Qoldirmasdan teraman.
Faqat bitta shartim bor,
So‘zingizdan qaytmaysiz.
Kundalikni yirtganim
Onamlarga aytmaysiz.
Singilcham
Ish buyursam har zamon,
Do‘qillaydi singilcham.
Voy bebosh-ey, o‘rgildim,
Ranjib qoldi ko‘ngilcham.
Xali aytar: “Iltimos,
Muzqaymoqni bo‘laylik.
Keling, opa, endi biz,
Ahil-inoq bo‘laylik”
“Mayli, deyman, jon singlim,
Sen haddingdan oshmagin.
Erib bitdi muzqaymoq,
Bo‘lishmoqqa shoshmagin!
Men e’tibor qilmasam,
Kim beradi sabog‘ing.
Muzqaymoqni tugatdim.
Og‘rimasin tomog‘ing”.