Sharq yulduzi - adabiy-badiiy, ilmiy, ijtimoiy-siyosiy jurnal.

QOLGAN ISHGA YOG‘AR QOR

Aziz YOQUBOV – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, respublika xalq maorif
a’lochisi. 1932 yilda tug‘ilgan. Nizomiy nomidagi pedagogika institutini (hozirgi TDPU)
tamomlagan. “Kichkina do‘xtir”, “Fotimaning quvonchi”, “Guli degan qiz”, “Orzulari bir
olam bola”, “Bolajon bobo hikoyatlari” kabi hikoya va ertak kitoblari nashr etilgan.

Shokir ko‘chadan keldi-da, qo‘lidagi to‘pni bir chetga uloqtirdi. Bu paytda onasi
hovlini yig‘ishtirayotgan edi.
– Ha, yana nima bo‘ldi? – dedi, u o‘g‘lining kayfyati yo‘qligidan tashvishlanib.
Shokir jo‘mrakdan yuz-qo‘lini yuvarkan:
– Rashidgayam hayronman!..
– Nima qildi?
– E, boya birga edik! Yur, futbol o‘ynaymiz, desam, velosipedimni tuzatib olay,
deydi! Axir velosiped minamiz deganim yo‘q-ku? Futbol o‘ynaylik, dedim! Unga
ishonib, jamoa tuzib qo‘yibman yana! Bilaman, atay qildi!..
– Qo‘y, tutaqma. Balki velosipedi zarur bo‘b turgandir… Harqalay hamma ishni o‘z
vaqtida bajargan yaxshi.
Shokir uyga qarab yurayotgan joyida to‘xtadi.
– Zarur emasdi, bilaman-ku, unchalik ham zarur emasdi!.. Asli uning qiliqlarini
hech tushunmayman. Nimaga unnasa, o‘sha ish bilan ovora bo‘lib qoladi. Shuni bir
pasga qo‘yatur, desam, qolgan ishga qor yog‘ar, deydi doim… Hozir qishmas, kuz-ku?!
O‘g‘lining soddadilligidan kulib yubordi onasi. Javobga og‘iz juftlovdiyamki,
ko‘cha tarafdan kichik o‘g‘ilchasi yugurib keldi.
– Aka, akajon, qayiqcha qilib bering? – dedi, akasiga yalinib.
Shokirning mehri jo‘shdi.
– Bo‘pti, – ukasini hujra sari yetakladi, – borib qaraylik-chi, kerakli taxtachalar
bormikin.
Darhaqiqat, hujrada katta-kichik taxtalar qalashib yotardi. Shokir ularning orasidan
silliq, mix qoqsa yorilmaydigan birini ajratib oldi. Changini artib, surtdi. Akasining
harakatlarini kuzatib, uka xursandligidan lab-lunjini yig‘olmasdi. Aksiga olganday,
ayni shu payt hovlida Rashidning ovozi eshitildi.
– Shokir?!
– Hov! – hujraning eshigidan bosh chiqardi Shokir.
– Velosipedni tuzatib bo‘ldim. Ketdikmi? Ko‘chada bolalar kutib turibdi!
Shokir qo‘lidagi taxtachani beixtiyor ukasiga uzatdi.
– Buni ob tur… – dedi, jinday xijolat tortib. – Suvda yaxshilab yuvib, tozalab
qo‘ysang, kelishim bilan yasab beraman.
O‘sha kuni o‘yin uzoq davom etdi.
– Aka, endi yasab berasizmi? – deb so‘radi, uka kech qaytgan akasidan.
– Tushun, juda charchadim… – noiloj rad etdi Shokir, – ertaga…
Ertasi kuni o‘yin har kungidan ham uzoq – kechgacha bo‘ldi.
Indiniga ham.
Keyingi kunlari Shokirning jamoasi qo‘shni qishloq jamoasiga qarshi o‘ynash
uchun mashqlarga berilib ketishdi…
Bir kuni tongda ukasi uning yoniga o‘ta ranjigan kayfyatda kirib keldi.
– Endi yasab berarsiz, aka? Taxtachalar, mix, randa… Hammasini tayyorlab
qo‘ydim. Hatto qayiqchamni bog‘lab suvda suzdirish uchun ip ham topib qo‘yganman.
– Albatta! – dedi, Shokirning vijdoni qiynalib. – Ertaga albatta yasab beraman,
ishonaver! Faqat, bugun… Bugun qo‘shni qishloq bilan fnal… Mana shuni bir yoqlik
qilay!
O‘sha kuni futbol kutilganidan ham qizg‘in kechdi. Izg‘irin shamol turganiga
qaramay, har ikkala jamoa bolalari qora terga botdi. Natija yomon emas, Shokirlarning
foydasiga: 3:5!
…Kechki uyquga yotarkan, Shokir juda mamnun edi. “Faqat ukamni xafa qilganim
yaxshi bo‘lmadi-da, – deb xayolidan kechirdi u, – mayli, hechqisi yo‘q. Ertaga
qayiqchani albatta yasab beraman. Albatta!..”
Bu payt tashqarida qor uchqunlay boshlagandi…


XOSIYAT XOLANING ECHKISI


Yangi olgan kitobimni o‘qib o‘tirgan edim. Kitobning eng qiziq joyiga kelganda,
hovlining pastak devori osha qo‘shnimiz Xosiyat xola ovoz berdi:
– Salomatxon! Hoy, Salomatxon!
Xosiyat xola onamni bo‘lar-bo‘lmasga chaqiravermaydi. U pastak devor yonida
turib chaqirsa, bilamizki, onamga aytadigan zarur gapi bo‘ladi.
– Salomatxon, uydamisiz, qo‘shni?..
Onam ichkari uyda turib uning ovozini eshitdi, shekilli, shoshib hovliga chiqdi.
– Labbay, labbay opa? Assalomu alaykum!
Xosiyat xola achchiqlanganday tomoq qirib oldi.
– Boyadan beri chaqiraman, eshitmaysiz? Yo, qotib uxlab qoldingizmi?
– Uyqu qayoqda deysiz, opa. Bilasizku… Mashinkada kiyim tikib o‘tirgan edim.
– Ha, shunday demaysizmi, – birdan arazi tarqadi, Xosiyat xolaning. – Tikuvchilik
ham qiyin. Odam yurib ishlagandan ko‘ra, o‘tirib ishlasa ko‘proq charchaydi.
– Shuni ayting… Nimaga chaqiruvdingiz o‘zi? Tinchlikmi?
– Tinchlik, tinchlik o‘rgilay. Ertalab echkimni hovli chetiga bog‘lab qo‘ygan edim.
Ongi past jonivor-da! O‘tlab yurib, o‘z arqoniga o‘ralib qolibdi. Arqondan bo‘shatay
deb rosa urindim, qarichilik qursin, qo‘limdan kelmadi. Qobiljon o‘g‘lingiz uyda bo‘lsa
birrovgina qarab yuborsin. Har qalay, o‘g‘il bola…
– Mayli, Xosiyat xola. Hozir o‘g‘limga aytaman.
Xosiyat xolaning ko‘ngli tinchidi chamasi, iziga qaytdi. Shunda onamning ko‘zi
ariq bo‘yida kitob o‘qib o‘tirgan menga tushib qoldi.
– Xosiyat xolangning gaplarini eshitding-a, Qobiljon? Tezgina borib echkiga qarab
kel-chi. Shoshil, bolam.
Onamning gaplaridan keyin kitobni bir chekkaga qo‘ydim. Ammo Xosiyat
xolanikiga borgim kelavermadi.
– Uylarida odam bor-ku, qo‘shnimiz nimaga bizga ish buyuraveradi, oyi?
– Unday demagin, jon bolam, eshitsa xafa bo‘ladi, – dedi, onam ovozini pastlatib.
– Bilasanku, bolalarini hammasi ishda. Ular yo‘qligida senga aytadi. Chunki, Xosiyat
xolaning o‘zi seni yaxshi ko‘radi. Uylariga chiqib qolsam, og‘zidan bol tomib
maqtagani-maqtagan. Umridan baraka topsin, deb duo qilishlarini aytmaysanmi…
O‘zimni majburlab, ba’zur qo‘shnilarnikiga chiqdim. Qarasam, Xosiyat xola
darvoza yonida kutib o‘tirgan ekan. U meni ko‘rganidan quvonib ketdi:
– Bolam, yaxshiyam sen borsan, – dedi alqab. – Yosh bo‘lsang ham, ko‘p narsaga
aqling yetadi. Iloyo, boshing toshdan bo‘lsin…
Echkining yoniga bordim. Arqoniga o‘ralib, nafasi bug‘ilay deb turgan echki meni
ko‘rib ma’ramoqchi bo‘ldi-yu, uddasidan chiqolmadi. Ochig‘i, unga rahmim kelib
ketdi. Arqonni qoziqdan tezgina bo‘shatib, o‘ralib qolgan joylarini tuzatgan bo‘ldim.
Bo‘ynini iskanjaga olgan arqondan xalos bo‘lgan echki endi hadeb o‘ynoqlar, menga
minnatdorlik bildirmoqchiga o‘xshab suykalardi.
– Qobiljon, bolam, katta savob ish qilding, – dedi, kelib echkisining boshidan silabsiypalayotgan Xosiyat xola. – Xursand bo‘lishini qaragin? Ko‘rdingmi, yaxshilikni
odam tugul, hatto hayvon ham biladi. Shuning uchun odamlarga yaxshilik qilish
imkonini qo‘ldan boy bermaslik kerak.
Men qilgan kichkina savobli ishimdan, echkini quvnab-yayrashidan, ayniqsa
Xosiyat xolaning ko‘ngli yorishib qilgan duosidan xursand bo‘lib, uyga chiqib ketdim.
Xosiyat xola ortimdan “rahmat”, deb qoldi…

Rukunlar

Ulashish:

Arxivlar

📥  1 son  2022 yil 

📥  2 son  2022 yil 

📥  3 son  2022 yil 

📥  4 son  2022 yil 

📥  5 son  2022 yil 

📥  6 son  2022 yil 

📥  7 son  2022 yil 

📥  8 son  2022 yil 

📥  9 son  2022 yil 

📥  10 son  2022 yil 

📥  11 son  2022 yil

📥  12 son  2022 yil

📥  1 son  2023 yil 

📥  2 son  2023 yil 

📥  3 son  2023 yil 

📥  4 son  2023 yil 

📥  5 son  2023 yil 

📥  6 son  2023 yil 

📥  7 son  2023 yil 

📥  8 son  2023 yil 

📥  9 son  2023 yil 

📥  10 son  2023 yil 

📥  11 son  2023 yil